Instagram·Telegram·Доставка по Узбекистану·Стать продавцом·Скидка студентам −20%
Главная / Публичная оферта

Публичная оферта

Редакция 1.0 · действует с 01.09.2026

Официальный текст оферты составлен на узбекском языке. Перевод на русский готовится и будет носить справочный характер.

1. Umumiy qoidalar

1.1. Ushbu hujjat yakka tartibdagi tadbirkor Qurbonboyeva Tojigul Azatovna (keyingi o'rinlarda — «Sotuvchi») tomonidan rcshop.uz sayti, Telegram boti va Mini App orqali tovar sotib olmoqchi bo'lgan har qanday jismoniy shaxsga (keyingi o'rinlarda — «Xaridor») yo'llangan rasmiy taklif — ommaviy oferta hisoblanadi.

1.2. Oferta O'zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 367, 369 va 370-moddalariga, «Elektron tijorat to'g'risida»gi (O'RQ-792, 29.09.2022), «Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida»gi (221-I, 26.04.1996) va «Shaxsga doir ma'lumotlar to'g'risida»gi (O'RQ-547, 02.07.2019) qonunlarga muvofiq tuzilgan.

1.3. Quyidagi harakatlardan istalgan birini bajarish ushbu oferta shartlarini to'liq va so'zsiz qabul qilish (aksept) hisoblanadi:

  • Saytda yoki Mini App'da telefon raqamini bir martalik kod bilan tasdiqlab, shaxsiy kabinetga kirish;
  • Botda «Telefon raqamni yuborish» tugmasi orqali raqamni ulash;
  • buyurtmani rasmiylashtirish («Buyurtma berish» tugmasini bosish);
  • tovar uchun to'lovni amalga oshirish.

1.4. Aksept yozma shaklda tuzilgan shartnomaga tenglashtiriladi. Oldi-sotdi shartnomasi Sotuvchi Xaridorning akseptini olgan paytdan tuzilgan hisoblanadi.

1.5. Oferta shartlariga rozi bo'lmagan shaxs Sayt, Bot va Mini App orqali buyurtma bermasligi kerak.

1.6. Aksept bilan Xaridor to'la muomala layoqatiga ega ekanini yoki qonuniy vakilining roziligi bilan harakat qilayotganini tasdiqlaydi.

1.7. Oferta tahriri: 1.0. Kuchga kirish sanasi: 2026-yil 1-sentabr. Amal qilish muddati: 2026-yil 31-dekabrgacha, 14.8-bandga muvofiq uzaytiriladi. Amaldagi tahrir doimiy ravishda rcshop.uz/oferta manzilida joylashtiriladi.

1.8. Oferta o'zbek tilida tuzilgan. Boshqa tillardagi tarjimalar faqat ma'lumot uchun beriladi; farq bo'lsa, o'zbek tilidagi matn ustun turadi.

2. Atamalar
  • Sotuvchi — yakka tartibdagi tadbirkor Qurbonboyeva Tojigul Azatovna — rcshop.uz egasi va «RC Shop» do'konining o'z tovarlarini sotuvchi shaxs.
  • Platforma — Sayt, Bot va Mini App birgalikda; Hamkor sotuvchilar tovarlari bo'yicha Sotuvchi elektron savdo maydonchasi operatori sifatida ishtirok etadi.
  • Xaridor — Tovarni shaxsiy, oilaviy yoki uy ehtiyojlari uchun buyurtma qiladigan yoki sotib oladigan jismoniy shaxs.
  • Hamkor sotuvchi — Platformada o'z do'kon sahifasini ochib, o'z tovarlarini o'z nomidan sotadigan yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor.
  • Sayt — https://rcshop.uz manzilidagi internet-do'kon va uning barcha sahifalari.
  • Bot — Telegram'dagi @rc_shop_uz_bot — bonus kartasi, talaba arizasi va Mini App'ga kirish uchun.
  • Mini App — Telegram ichida ochiladigan do'kon ilovasi.
  • Shaxsiy kabinet — Xaridorning telefon raqamiga bog'langan akkaunti: profil, buyurtmalar, bonus kartasi, talaba maqomi.
  • Tovar — Saytda sotuvga qo'yilgan mahsulot: RC modellar, dronlar, robototexnika va elektronika uchun ehtiyot qismlar, radiodetallar va boshqalar.
  • Buyurtma — Xaridorning tanlangan Tovarlarni sotib olish haqidagi Platforma orqali rasmiylashtirilgan so'rovi.
  • Bonus balli — Bonus dasturi doirasida Xaridor hisobiga yoziladigan shartli birlik; 1 ball 1 so'm chegirmaga teng.
  • Talaba maqomi — Sotuvchi tomonidan hujjat asosida tasdiqlangan va muddati belgilangan holat; talaba chegirmasiga huquq beradi.
3. Ro'yxatdan o'tish va shaxsiy kabinet

3.1. Shaxsiy kabinet Xaridorning telefon raqami va shu raqamga yuboriladigan bir martalik kod orqali ochiladi. Doimiy parol qo'llanmaydi.

3.2. Bitta telefon raqamiga bitta Shaxsiy kabinet to'g'ri keladi. Do'konda (kassada) shu raqam bilan qilingan xaridlar ham o'sha kabinetga biriktiriladi.

3.3. Botga ulanish uchun Xaridor o'z raqamini Telegram'ning «Telefon raqamni yuborish» tugmasi orqali yuboradi. Boshqa shaxsning raqami qabul qilinmaydi. Bitta Telegram akkaunti faqat bitta Shaxsiy kabinetga bog'lanadi.

3.4. Xaridor ro'yxatdan o'tmasdan ham buyurtma berishi mumkin. Bunday buyurtmaga bonus ballari, shaxsiy chegirma va talaba chegirmasi qo'llanmaydi.

3.5. Xaridor:

  • o'zi haqida to'g'ri va amaldagi ma'lumotlarni ko'rsatadi;
  • bir martalik kodlarni, bonus kartasining QR kodini va karta raqamini uchinchi shaxslarga bermaydi;
  • telefoni yoki Telegram akkaunti yo'qolgan taqdirda bonus kartasini Bot orqali yangilaydi yoki Sotuvchiga xabar beradi.

3.6. Bir martalik kod yoki bonus kartasi yordamida bajarilgan harakatlar Xaridorning o'zi tomonidan bajarilgan hisoblanadi, Xaridor buning aksini isbotlamaguncha.

3.7. Sotuvchi quyidagi hollarda Shaxsiy kabinetdan foydalanishni cheklashga yoki to'xtatishga haqli: yolg'on ma'lumot yoki soxta hujjat taqdim etilganda, bonus yoki chegirma dasturlari suiiste'mol qilinganda, Platforma ishiga xalal beradigan harakatlar aniqlanganda. Cheklov sababi Xaridorga ma'lum qilinadi.

3.8. Xaridor istalgan vaqtda Shaxsiy kabinetini o'chirishni so'rashi mumkin. So'rov 15-bo'limda ko'rsatilgan aloqa vositalari orqali yuboriladi.

4. Buyurtma berish va shartnomaning tuzilishi

4.1. Tovarning tavsifi, tasviri, narxi va sotuvchisi Saytdagi tovar sahifasida ko'rsatiladi. Tasvirlar Tovarning umumiy ko'rinishini beradi; rang va mayda tafsilotlar ekran sozlamalariga qarab farq qilishi mumkin. Asosiy xususiyatlar tavsifda keltiriladi.

4.2. Buyurtma berish uchun Xaridor Tovarni savatga qo'shadi, ismini, telefon raqamini, yetkazib berish manzilini, olish usulini (yetkazib berish yoki olib ketish) va to'lov usulini ko'rsatadi hamda «Buyurtma berish» tugmasini bosadi.

4.3. Buyurtma qabul qilingach unga raqam beriladi. Sotuvchining operatori Buyurtmani tasdiqlash uchun Xaridor bilan telefon yoki Telegram orqali bog'lanishi mumkin.

4.4. Sayt omborda yetarli qoldig'i bo'lmagan Tovarni ham buyurtma qilishga imkon beradi. Bunday holda Sotuvchi Xaridorga Tovar kelish muddatini ma'lum qiladi. Xaridor kutishga rozi bo'lmasa, Buyurtma yoki uning tegishli qismi bekor qilinadi va to'langan summa 5.6-band tartibida qaytariladi.

4.5. Xaridor Tovar o'ziga topshirilgunga qadar Buyurtmadan istalgan vaqtda voz kechishi mumkin. To'langan summa 5.6-band tartibida qaytariladi; Xaridor so'rovi bilan allaqachon amalga oshirilgan yetkazib berish xarajatlari bundan mustasno.

4.6. Sotuvchi quyidagi hollarda Buyurtmani to'liq yoki qisman bekor qilishga haqli:

  • Tovar omborda yo'q va uni maqbul muddatda yetkazib bo'lmaydi;
  • Xaridor bilan 3 kun ichida bog'lanib bo'lmadi;
  • narxda yoki tavsifda yaqqol texnik xato aniqlangan (5.5-band);
  • Buyurtma bo'yicha firibgarlik belgilari mavjud.

Bekor qilingan Buyurtma uchun to'langan summa to'liq qaytariladi.

4.7. Oldindan buyurtma asosida keltiriladigan Tovarlar bo'yicha muddat va oldindan to'lov miqdori Xaridor bilan alohida kelishiladi va Buyurtmada qayd etiladi.

5. Narx va to'lov

5.1. Tovar narxi Saytda O'zbekiston so'mida ko'rsatiladi va qonunchilikda nazarda tutilgan soliqlarni o'z ichiga oladi. Yetkazib berish narxi Tovar narxiga kirmaydi va Buyurtmani rasmiylashtirishda alohida ko'rsatiladi.

5.2. Xaridor uchun Buyurtma rasmiylashtirilgan paytdagi narx amal qiladi. Sotuvchi narxlarni istalgan vaqtda o'zgartirishi mumkin, ammo bu rasmiylashtirilgan Buyurtmalarga ta'sir qilmaydi.

5.3. To'lov quyidagi usullarning birida amalga oshiriladi:

  • Payme yoki Click to'lov tizimi orqali onlayn;
  • Tovarni qabul qilishda naqd pul yoki bank kartasi bilan;
  • do'konda — naqd pul, bank kartasi yoki do'konda qabul qilinadigan boshqa to'lov tizimlari orqali.

Muayyan Buyurtma uchun mavjud usullar rasmiylashtirish sahifasida ko'rsatiladi.

5.4. Har bir to'lov bo'yicha Xaridorga qonunchilikda belgilangan tartibda chek (elektron yoki qog'oz shaklda) beriladi.

5.5. Saytda Tovar narxi yoki tavsifida yaqqol texnik xato aniqlansa, Sotuvchi bu haqda Xaridorga xabar beradi. Xaridor Tovarni to'g'ri narxda sotib olishi yoki Buyurtmadan voz kechib, to'langan summani to'liq qaytarib olishi mumkin.

5.6. Pul qaytarilishi lozim bo'lgan hollarda Sotuvchi summani to'lov amalga oshirilgan usul bilan, qaytarish uchun asos yuzaga kelgan kundan boshlab 10 kun ichida qaytaradi. Muddat Sotuvchi aybi bilan buzilsa, Sotuvchi kechiktirilgan har bir kun uchun qaytarilishi lozim bo'lgan summaning 1 foizi miqdorida, biroq shu summadan ko'p bo'lmagan penya to'laydi.

5.7. Onlayn to'lovlar to'lov tizimlari tomonidan qayta ishlanadi. Sotuvchi Xaridorning bank kartasi ma'lumotlarini olmaydi va saqlamaydi.

6. Yetkazib berish va olib ketish

6.1. Xaridor Tovarni ikki usulda olishi mumkin:

  • yetkazib berish — Xaridor ko'rsatgan manzilga: Toshkent shahri bo'ylab Yandex Go xizmati orqali, viloyatlarga BTS pochta xizmati orqali;
  • olib ketish — Sotuvchining do'konidan: Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Bunyodkor shoh ko'chasi, 63; ish vaqti 10:00 dan 20:00 gacha.

6.2. Yetkazib berish narxi tashuvchining (Yandex Go, BTS) amaldagi tariflari bo'yicha hisoblanadi, Buyurtmani rasmiylashtirish yoki tasdiqlash paytida Xaridorga ma'lum qilinadi va Xaridor tomonidan to'lanadi, agar Saytda boshqacha shart e'lon qilinmagan bo'lsa.

6.3. Yetkazib berish muddati Buyurtma tasdiqlangan kundan boshlab: Toshkent shahri bo'yicha — 1 kun, viloyatlarga — 1–3 kun. Aniq muddat Buyurtmani tasdiqlashda aytiladi. Har qanday holda Tovar aksept kunidan boshlab 30 kundan kechiktirmay yetkazib beriladi, 4.4 va 4.7-bandlarda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

6.4. Xaridor ko'rsatilgan manzilda va kelishilgan vaqtda Tovarni qabul qilishni ta'minlaydi. Xaridor noto'g'ri manzil yoki telefon raqami ko'rsatgani sababli Tovar yetkazilmagan bo'lsa, takroriy yetkazib berish xarajatlari Xaridor zimmasida bo'ladi.

6.5. Tovarni qabul qilishda Xaridor uning nomi, soni, komplekti va qadog'ining butunligini tekshiradi. Ko'rinib turgan shikast yoki nomuvofiqlik aniqlansa, Xaridor Tovarni qabul qilmaslikka yoki bu haqda topshirish hujjatida qayd qoldirishga haqli.

6.6. Tovarga mulk huquqi va uning tasodifan nobud bo'lishi yoki shikastlanishi xavfi Tovar Xaridorga yoki u ko'rsatgan shaxsga topshirilgan paytdan Xaridorga o'tadi.

6.7. Xaridor olib ketish uchun tayyorlangan Tovarni 10 kun ichida olib ketmasa, Sotuvchi Buyurtmani bekor qilishga haqli. To'langan summa 5.6-band tartibida qaytariladi.

7. Tovarni qaytarish, almashtirish va kafolat

Sifatli tovar

7.1. Xaridor sifatli nooziq-ovqat Tovarni xarid qilingan kundan boshlab 10 kun ichida xuddi shunday yoki shunga o'xshash Tovarga almashtirishga haqli. Almashtirish uchun mos Tovar sotuvda bo'lmasa, Xaridor to'langan pulni qaytarib oladi.

7.2. Almashtirish yoki qaytarish quyidagi shartlar bajarilganda amalga oshiriladi:

  • Tovar foydalanilmagan va shikastlanmagan;
  • qadog'i, yorliqlari, komplekti va iste'mol xususiyatlari saqlangan;
  • Tovar aynan Sotuvchidan sotib olingani chek, Buyurtma raqami yoki boshqa dalil bilan tasdiqlanadi.

7.3. Elektron komponentlar va ehtiyot qismlar kavsharlangan, qurilmaga o'rnatilgan, dasturlangan yoki zavod himoya qadog'i ochilgan bo'lsa, foydalanilgan hisoblanadi.

7.4. Qonunchilikda almashtirilmaydigan va qaytarilmaydigan deb belgilangan tovarlar ro'yxatiga kiruvchi Tovarlar 7.1-band bo'yicha almashtirilmaydi.

Nuqsonli tovar

7.5. Tovarda nuqson aniqlansa, Xaridor o'z tanloviga ko'ra quyidagilardan birini talab qilishga haqli:

  • nuqsonni bepul bartaraf etish;
  • Tovarni xuddi shunday sifatli Tovarga almashtirish;
  • narxni mutanosib ravishda kamaytirish;
  • shartnomani bekor qilib, to'langan pulni qaytarib olish.

7.6. Nuqsonli Tovar talab bildirilgan kundan boshlab 7 kun ichida, sifatni qo'shimcha tekshirish zarur bo'lganda esa 20 kun ichida almashtiriladi.

7.7. Nuqsonli Tovarni qaytarish, almashtirish va tekshirish bilan bog'liq yetkazib berish xarajatlari Sotuvchi hisobidan qoplanadi. Sifatli Tovarni 7.1-band bo'yicha almashtirishda yetkazib berish xarajatlari Xaridor zimmasida bo'ladi.

Kafolat

7.8. Tovarga ishlab chiqaruvchi belgilagan kafolat muddati qo'llanadi. U belgilanmagan bo'lsa, kafolat muddati 10 kunni tashkil etadi va Tovar Xaridorga topshirilgan kundan boshlanadi.

7.9. Kafolat quyidagi sabablar bilan yuzaga kelgan nosozliklarga tatbiq etilmaydi: mexanik shikast, suyuqlik tushishi, noto'g'ri ulash (qutblilik, kuchlanish yoki tok me'yorini buzish), foydalanish yo'riqnomasiga rioya qilmaslik, ruxsatsiz ta'mirlash yoki konstruksiyani o'zgartirish, shuningdek, sarflanadigan va tabiiy eskiradigan qismlarning yeyilishi.

Tartib

7.10. Qaytarish, almashtirish yoki kafolat bo'yicha murojaat 15-bo'limda ko'rsatilgan aloqa vositalari orqali yoki do'konda qabul qilinadi. Murojaatda Buyurtma raqami va nuqsonning tavsifi ko'rsatiladi.

7.11. Pul qaytarilganda Xaridorga u haqiqatda to'lagan summa qaytariladi. Shu xaridda sarflangan bonus ballari Xaridor hisobiga tiklanadi, shu xarid uchun yozilgan ballar esa bekor qilinadi.

7.12. Ushbu bo'lim Xaridorning iste'molchilar huquqlarini himoya qilish to'g'risidagi qonunchilikda belgilangan huquqlarini cheklamaydi.

8. Bonus dasturi

8.1. Bonus dasturida ishtirok etish ixtiyoriy va bepul. Xaridor dasturga Bot orqali telefon raqamini tasdiqlab yoki do'konda qo'shiladi va shaxsiy bonus kartasini (QR-kod) oladi.

8.2. Bonus ballari pul mablag'i, to'lov vositasi yoki qimmatli qog'oz emas. Ballar naqd pulga almashtirilmaydi, boshqa shaxsga o'tkazilmaydi, sotilmaydi va meros qilib qoldirilmaydi.

8.3. Ballar Sotuvchining o'z Tovarlari uchun haqiqatda to'langan summadan, Saytda va Botda e'lon qilingan foiz bo'yicha yoziladi. Ballar butun songacha pastga yaxlitlanadi. Xaridning ballar bilan to'langan qismiga ball yozilmaydi.

8.4. Bir ball bir so'mga teng chegirma beradi. Bitta xaridda ballar bilan to'lash mumkin bo'lgan eng katta ulush dastur qoidalarida belgilanadi va Saytda e'lon qilinadi.

8.5. Ballarni sarflash uchun Xaridor do'konda bonus kartasini ko'rsatadi yoki telefon raqamini aytadi va Bot orqali yuborilgan bir martalik tasdiqlash kodini kassirga ma'lum qiladi. Kodni boshqa shaxslarga berish oqibatlari uchun Xaridor javob beradi.

8.6. Tovar qaytarilganda shu xarid uchun yozilgan ballar bekor qilinadi. Bu ballar allaqachon sarflangan bo'lsa, hisob manfiy bo'lishi mumkin va u keyingi xaridlarda yoziladigan ballar hisobidan qoplanadi.

8.7. Ballarning amal qilish muddati dastur qoidalarida belgilanadi. Muddati o'tgan ballar bekor qilinadi.

8.8. Sotuvchi dastur shartlarini o'zgartirishi yoki dasturni to'xtatishi mumkin. Bu haqda kamida 30 kun oldin Saytda va Botda e'lon qilinadi. Shu muddat ichida Xaridor to'plangan ballardan amaldagi shartlarda foydalanishi mumkin.

8.9. Dasturdan g'arazli foydalanish (soxta xaridlar, bir shaxsga bir nechta hisob ochish, tizimdagi xatodan foydalanish) aniqlansa, Sotuvchi shu yo'l bilan olingan ballarni bekor qilishga va Xaridorning dasturdagi ishtirokini to'xtatishga haqli.

9. Chegirmalar, promo-kodlar va talabalar dasturi

Chegirmalarni qo'llash tartibi

9.1. Foizli chegirmalar — shaxsiy chegirma, talaba chegirmasi va Mini App orqali xarid uchun chegirma — bir-biriga qo'shilmaydi. Bitta xaridda ulardan faqat eng kattasi qo'llanadi.

9.2. Chegirmalar quyidagi ketma-ketlikda hisoblanadi: avval 9.1-banddagi foizli chegirma, so'ng promo-kod, oxirida bonus ballari.

9.3. Chegirmalar Tovar narxiga qo'llanadi va yetkazib berish narxiga tatbiq etilmaydi, agar aksiya shartlarida boshqacha ko'rsatilmagan bo'lsa.

9.4. Aksiya va maxsus narxlar ularning shartlarida ko'rsatilgan muddatda va Tovar zaxirasi doirasida amal qiladi.

Promo-kodlar

9.5. Promo-kod o'z shartlarida ko'rsatilgan muddatda, eng kam xarid summasi va foydalanish soni doirasida amal qiladi. Bitta Buyurtmaga bitta promo-kod qo'llanadi. Promo-kod pulga almashtirilmaydi.

Talabalar dasturi

9.6. Talaba chegirmasidan O'zbekiston Respublikasidagi ta'lim muassasasida tahsil olayotgan va talaba maqomi Sotuvchi tomonidan tasdiqlangan Xaridor foydalanadi. Chegirma miqdori Saytda e'lon qilinadi.

9.7. Maqom olish uchun Xaridor Saytdagi «Talabalar uchun» sahifasi yoki Bot orqali ariza yuboradi: ta'lim muassasasi nomini ko'rsatadi va talabaligini tasdiqlovchi hujjat (talaba guvohnomasi, o'qish joyidan ma'lumotnoma yoki shunga teng hujjat) suratini yuklaydi.

9.8. Sotuvchi arizani odatda 1 ish kuni ichida ko'rib chiqadi va natijani Xaridorga xabar qiladi. Ariza rad etilsa, sababi ko'rsatiladi va Xaridor kamchilikni tuzatib, qayta ariza yuborishi mumkin.

9.9. Maqomning amal qilish muddatini Sotuvchi tasdiqlash paytida, taqdim etilgan hujjat asosida belgilaydi; u 18 oydan oshmaydi. Muddat tugashiga 30 kun qolganda Xaridor yangi hujjat bilan maqomni uzaytirish uchun ariza yuborishi mumkin.

9.10. Talaba chegirmasi Saytda, Mini App'da va do'konda amal qiladi. Do'konda chegirma Xaridorning telefon raqami yoki bonus kartasi bo'yicha qo'llanadi.

9.11. Talaba maqomi shaxsiy hisoblanadi. Undan faqat maqom egasi o'z xaridlari uchun foydalanadi; chegirmani boshqa shaxslar foydasiga yoki qayta sotish maqsadida qo'llash taqiqlanadi.

9.12. Soxta, o'zganing nomidagi yoki muddati o'tgan hujjat taqdim etilgani, shuningdek, 9.11-band buzilgani aniqlansa, Sotuvchi maqomni bekor qilishga haqli.

9.13. Sotuvchi talabalar dasturi shartlarini o'zgartirishi yoki dasturni to'xtatishi mumkin. Bu rasmiylashtirilgan Buyurtmalarga ta'sir qilmaydi.

10. Hamkor sotuvchilar

10.1. Saytda Sotuvchining o'z Tovarlari bilan birga Hamkor sotuvchilarning Tovarlari ham joylashtirilishi mumkin. Tovarni kim sotayotgani uning sahifasida, savatda va Buyurtmada ko'rsatiladi.

10.2. Hamkor sotuvchi Tovarini xarid qilganda oldi-sotdi shartnomasi Xaridor bilan shu Hamkor sotuvchi o'rtasida tuziladi. Sotuvchi bu holda elektron savdo maydonchasi operatori sifatida ishtirok etadi: Tovar haqidagi ma'lumotni joylashtiradi, Buyurtmani qabul qiladi va Hamkor sotuvchiga yetkazadi.

10.3. Bitta savatda bir nechta sotuvchining Tovarlari bo'lsa, Buyurtma sotuvchilar bo'yicha alohida qismlarga bo'linadi. Har bir qismning yetkazib berish narxi, muddati va usuli alohida belgilanishi mumkin.

10.4. Hamkor sotuvchi Tovarining sifati, tavsifga muvofiqligi, kafolati, yetkazib berilishi, almashtirilishi va qaytarilishi uchun shu Hamkor sotuvchi javob beradi. Uning to'liq nomi va aloqa ma'lumotlari Saytdagi do'kon sahifasida ko'rsatiladi.

10.5. Xaridor Hamkor sotuvchi Tovari bo'yicha murojaatini Sotuvchiga ham yuborishi mumkin. Sotuvchi murojaatni Hamkor sotuvchiga yetkazadi va uni hal etishda ko'maklashadi.

10.6. Bonus ballari, promo-kodlar va talaba chegirmasi faqat Sotuvchining o'z Tovarlariga qo'llanadi, agar Saytda boshqacha ko'rsatilmagan bo'lsa.

10.7. Hamkor sotuvchilar Platformaga Sotuvchi bilan tuzilgan alohida shartnoma asosida qo'shiladi. Sotuvchi ularning Tovarlarini joylashtirishdan oldin tekshiradi, biroq bu tekshiruv Hamkor sotuvchining Xaridor oldidagi javobgarligini o'rnini bosmaydi.

11. Shaxsiy ma'lumotlar

11.1. Ofertani aksept qilish bilan Xaridor O'zbekiston Respublikasining «Shaxsga doir ma'lumotlar to'g'risida»gi Qonuniga muvofiq o'z shaxsiy ma'lumotlarini ushbu bo'limda ko'rsatilgan maqsad va tartibda qayta ishlashga rozilik beradi.

11.2. Sotuvchi quyidagi ma'lumotlarni qayta ishlaydi:

  • Ism, telefon raqami — ro'yxatdan o'tkazish, Buyurtmani tasdiqlash, aloqa;
  • Yetkazib berish manzili — Tovarni yetkazib berish;
  • Elektron pochta, tug'ilgan sana, jins (ixtiyoriy) — shaxsiy takliflar, tabriklar;
  • Telegram identifikatori va foydalanuvchi nomi — Bot orqali xabarnomalar, bonus kartasi, tasdiqlash kodlari;
  • Buyurtmalar va to'lovlar tarixi — shartnomani bajarish, buxgalteriya hisobi, kafolat va qaytarish;
  • Bonus hisobi va undagi amallar — bonus dasturini yuritish;
  • Ta'lim muassasasi nomi, talabalikni tasdiqlovchi hujjat surati — talaba maqomini tekshirish va tasdiqlash;
  • Sharhlar va baholar — Saytda e'lon qilish, xizmat sifatini yaxshilash;
  • Texnik ma'lumotlar (qurilma va brauzer turi, cookie, tashrif statistikasi) — Platforma ishlashi, xavfsizlik, tahlil.

11.3. Qayta ishlash ma'lumotlarni yig'ish, tizimlashtirish, saqlash, o'zgartirish, to'ldirish, ulardan foydalanish, berish, egasizlantirish va yo'q qilishni o'z ichiga oladi.

11.4. Sotuvchi ma'lumotlarni faqat shartnomani bajarish uchun zarur hajmda quyidagilarga beradi: yetkazib berish xizmatlari (Yandex Go, BTS), to'lov tizimlari, xabar yuborish xizmatlari, Buyurtmada Tovari bo'lgan Hamkor sotuvchi, shuningdek, qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda davlat organlari. Ma'lumotlar reklama maqsadida uchinchi shaxslarga sotilmaydi.

11.5. Talabalikni tasdiqlovchi hujjat surati yopiq tarzda saqlanadi, faqat arizani ko'rib chiquvchi vakolatli xodimlarga ko'rinadi va boshqa maqsadda ishlatilmaydi.

11.6. Ma'lumotlar himoyalangan serverlarda, shu jumladan O'zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida joylashgan serverlarda saqlanadi va qayta ishlanadi. Ofertani aksept qilish bilan Xaridor o'z ma'lumotlarining shu maqsadda chet eldagi serverga uzatilishiga (transchegaraviy uzatishga) rozilik beradi.

11.7. Ma'lumotlar qayta ishlash maqsadiga erishish uchun zarur muddat davomida, shuningdek, qonunchilikda buxgalteriya va soliq hujjatlari uchun belgilangan muddatlarda saqlanadi. Talabalik hujjati surati maqom muddati tugaganidan keyin ham saqlanadi va Xaridor 11.8-band tartibida roziligini qaytarib olganda yo'q qilinadi.

11.8. Xaridor quyidagi huquqlarga ega:

  • o'z ma'lumotlari va ularning qayta ishlanishi haqida ma'lumot olish;
  • noto'g'ri yoki eskirgan ma'lumotlarni tuzatishni talab qilish;
  • qayta ishlashga bergan roziligini qaytarib olish va ma'lumotlarini yo'q qilishni talab qilish;
  • reklama xabarlaridan istalgan vaqtda voz kechish.

Murojaat 15-bo'limdagi aloqa vositalari orqali yuboriladi va 10 kun ichida ko'rib chiqiladi.

11.9. Rozilik qaytarib olinganda Sotuvchi qonunchilikka ko'ra saqlashi shart bo'lgan ma'lumotlardan tashqari barcha ma'lumotlarni yo'q qiladi. Bunda Shaxsiy kabinet, bonus hisobi va talaba maqomi yopiladi.

11.10. Buyurtma holati, tasdiqlash kodlari va ariza natijasi haqidagi xizmat xabarlari shartnomani bajarish uchun yuboriladi. Reklama va aksiya xabarlari faqat Xaridorning roziligi bilan yuboriladi.

11.11. Sotuvchi ma'lumotlarni ruxsatsiz kirish, o'zgartirish va tarqatishdan himoya qilish uchun zarur tashkiliy va texnik choralarni ko'radi: shifrlangan aloqa kanali, kirish huquqlarini cheklash, xodimlar harakatlarini qayd etish.

12. Tomonlarning huquq va majburiyatlari, javobgarlik

12.1. Sotuvchi quyidagilarga majbur:

  • Tovar haqida to'g'ri va to'liq ma'lumot berish;
  • tasdiqlangan Buyurtmani kelishilgan muddat va shartlarda bajarish;
  • sifatli Tovar topshirish va qonunchilikda belgilangan kafolat majburiyatlarini bajarish;
  • Xaridorning murojaatlarini belgilangan muddatda ko'rib chiqish;
  • Xaridorning shaxsiy ma'lumotlarini himoya qilish.

12.2. Sotuvchi quyidagilarga haqli:

  • Saytdagi Tovarlar assortimenti, narxi va aksiya shartlarini o'zgartirish;
  • 4.6-bandda nazarda tutilgan hollarda Buyurtmani bekor qilish;
  • Ofertani buzgan Xaridorga xizmat ko'rsatishni to'xtatish va Shaxsiy kabinetini bloklash;
  • texnik ishlar vaqtida Platforma ishini vaqtincha to'xtatish.

12.3. Xaridor quyidagilarga majbur:

  • ro'yxatdan o'tishda va Buyurtma berishda to'g'ri ma'lumot ko'rsatish;
  • Buyurtmani to'lash va Tovarni qabul qilish;
  • Shaxsiy kabinetga kirish vositalarini va tasdiqlash kodlarini boshqalarga bermaslik;
  • Tovardan uning tavsifi va foydalanish yo'riqnomasiga muvofiq foydalanish.

12.4. Xaridor quyidagilarga haqli:

  • Tovar, uning narxi va Sotuvchi haqida to'liq ma'lumot olish;
  • Tovar topshirilgunga qadar Buyurtmadan voz kechish;
  • 7-bo'limda ko'rsatilgan tartibda Tovarni almashtirish, qaytarish va kafolatdan foydalanish;
  • Sotuvchiga murojaat va e'tiroz bildirish.

12.5. Tomonlar majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq javob beradi.

12.6. Sotuvchi quyidagilar uchun javob bermaydi:

  • Xaridor noto'g'ri ma'lumot ko'rsatgani oqibatida yuzaga kelgan kechikish va zarar;
  • Tovardan noto'g'ri foydalanish, uni noto'g'ri ulash yoki yig'ish oqibatida yuzaga kelgan zarar;
  • Tovarning Xaridor ko'zlagan muayyan loyiha yoki qurilmaga mos kelmasligi, agar bu moslik Sotuvchi tomonidan yozma tasdiqlanmagan bo'lsa;
  • aloqa operatorlari, to'lov tizimlari va Telegram xizmatidagi uzilishlar.

12.7. Saytdagi Tovar suratlari ma'lumot uchun berilgan. Tovarning rangi va tashqi ko'rinishi ekran sozlamalariga qarab suratdan biroz farq qilishi mumkin; bu Tovarning nuqsoni hisoblanmaydi.

12.8. Ushbu bo'limdagi cheklovlar Xaridorning qonunchilikda belgilangan, shartnoma bilan cheklab bo'lmaydigan huquqlariga ta'sir qilmaydi.

Fors-major

12.9. Tomonlar yengib bo'lmaydigan kuch holatlari — tabiiy ofat, yong'in, harbiy harakatlar, epidemiya, davlat organlarining taqiqlovchi qarorlari, aloqa va energiya ta'minotidagi keng ko'lamli uzilishlar — oqibatida majburiyatlarni bajara olmagani uchun javobgarlikdan ozod etiladi.

12.10. Bunday holat yuzaga kelgan Tomon ikkinchi Tomonni imkon qadar tez xabardor qiladi. Majburiyatni bajarish muddati shu holat davom etgan vaqtga uzaytiriladi. Holat 30 kundan ortiq davom etsa, har bir Tomon shartnomadan voz kechishga haqli; bunda Xaridorga to'langan summa qaytariladi.

13. Intellektual mulk, sharhlar va Platformadan foydalanish qoidalari

13.1. Platformadagi matnlar, suratlar, dizayn, logotip, dasturiy kod va ma'lumotlar bazasi Sotuvchiga yoki tegishli huquq egalariga tegishli. Ulardan Sotuvchining yozma roziligisiz tijorat maqsadida nusxa ko'chirish, tarqatish va qayta ishlash taqiqlanadi.

13.2. Tovar belgilari va brend nomlari ularning egalariga tegishli bo'lib, Saytda faqat Tovarni tanitish uchun ishlatiladi.

13.3. Xaridor Saytda sharh va baho qoldirishi mumkin. Sharh Xaridorning shaxsiy tajribasiga asoslangan va haqqoniy bo'lishi kerak. Sharh qoldirish bilan Xaridor Sotuvchiga uni Platformada bepul e'lon qilish huquqini beradi.

13.4. Sotuvchi quyidagi sharhlarni e'lon qilmaslikka yoki o'chirishga haqli: haqoratli so'zlar, reklama va havolalar, boshqa shaxslarning shaxsiy ma'lumotlari, Tovarga aloqasi bo'lmagan yoki qonunchilikka zid mazmun.

13.5. Platformadan foydalanishda quyidagilar taqiqlanadi:

  • boshqa shaxs nomidan ro'yxatdan o'tish yoki o'zganing ma'lumotlaridan foydalanish;
  • Platforma ishiga xalaqit berish, himoya vositalarini chetlab o'tishga urinish;
  • Sotuvchining roziligisiz ma'lumotlarni avtomatik vositalar bilan ommaviy yig'ish;
  • bajarish niyati bo'lmagan Buyurtmalarni berish;
  • bonus, promo-kod va chegirma mexanizmlaridan g'arazli foydalanish.

13.6. 13.5-band buzilganda Sotuvchi Xaridorning Platformaga kirishini cheklashga va tegishli Buyurtmalarni bekor qilishga haqli.

14. Nizolarni hal etish, Ofertani o'zgartirish va amal qilish muddati

Nizolar

14.1. Oferta bo'yicha kelib chiqadigan nizolar avvalo muzokara yo'li bilan hal etiladi. Xaridor e'tirozini 15-bo'limdagi aloqa vositalari orqali yozma shaklda yuboradi va unda Buyurtma raqami, e'tiroz mazmuni va talabini ko'rsatadi.

14.2. Sotuvchi e'tirozni olingan kundan boshlab 10 kun ichida ko'rib chiqadi va Xaridorga javob beradi.

14.3. Kelishuvga erishilmasa, nizo O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq sudda ko'rib chiqiladi. Xaridor iste'molchilar huquqlarini himoya qilish bo'yicha vakolatli davlat organiga murojaat qilishga ham haqli.

14.4. Ofertada tartibga solinmagan masalalar O'zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tartibga solinadi.

Ofertani o'zgartirish

14.5. Sotuvchi Ofertani bir tomonlama o'zgartirishga haqli. Yangi tahrir Saytda e'lon qilinadi va e'lon qilingan kundan 10 kun o'tgach kuchga kiradi, agar tahrirning o'zida kechroq sana ko'rsatilmagan bo'lsa.

14.6. Yangi tahrir kuchga kirgunga qadar rasmiylashtirilgan Buyurtmalarga ular rasmiylashtirilgan paytdagi tahrir qo'llanadi.

14.7. Yangi tahrir kuchga kirganidan keyin Platformadan foydalanishni davom ettirish Xaridorning o'zgarishlarga roziligini bildiradi. Rozi bo'lmagan Xaridor Platformadan foydalanishni to'xtatishi va 11.8-band tartibida ma'lumotlarini o'chirishni talab qilishi mumkin.

Amal qilish muddati

14.8. Oferta 2026-yil 1-sentabrdan kuchga kiradi va 2026-yil 31-dekabrgacha amal qiladi. Agar shu sanagacha Sotuvchi Ofertaning yangi tahririni e'lon qilmasa yoki Ofertani chaqirib olmasa, Oferta o'sha shartlarda keyingi kalendar yiliga uzaytirilgan hisoblanadi; keyingi yillarda ham shu tartib qo'llanadi. Muddatning tugashi yoki Ofertaning chaqirib olinishi ungacha tuzilgan shartnomalar bo'yicha majburiyatlarni bekor qilmaydi.

14.9. Ofertaning biror bandi haqiqiy emas deb topilsa, bu qolgan bandlarning haqiqiyligiga ta'sir qilmaydi.

15. Sotuvchi rekvizitlari va aloqa
  • To'liq nomi: yakka tartibdagi tadbirkor Qurbonboyeva Tojigul Azatovna
  • Davlat ro'yxatidan o'tgan sana va raqam: 18.02.2025, ro'yxat raqami 6752189 (guvohnoma № 3865771)
  • Faoliyat manzili (guvohnoma bo'yicha): Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Bunyodkor shoh ko'chasi, 63
  • Do'kon manzili va ish vaqti: Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Bunyodkor shoh ko'chasi, 63; 10:00 dan 20:00 gacha
  • Bank rekvizitlari: Xaridorning so'rovi bo'yicha alohida taqdim etiladi
  • Telefon: +998 99 045 00 71
  • Elektron pochta: info@rcshop.uz
  • Sayt: rcshop.uz
  • Telegram bot: @rc_shop_uz_bot
  • Murojaatlarni qabul qilish vaqti: 10:00 dan 20:00 gacha

Oferta tahriri: 1.0. Kuchga kirish sanasi: 01.09.2026. Amal qilish muddati: 31.12.2026 gacha, shartlar o'zgarmasa keyingi yilga avtomatik uzaytiriladi.